Jaloliddin Rumiy hozirgi Afgʻonistonning Balx shahri (Xorazmshohlar mamlakati)da, sultonal ulamo laqabini olgan ulugʻ shayx Muhammad Balovaddin Valad xonadonida dunyoga kelgan. Balovaddin Valad Muhammad Xorazmshoh bilan kelisholmay, oilasi, muridlarini olib, Balxdan chiqib ketadi va Makka safaridan soʻng, Iroqu Ajam shaharlarini kezib, axiyri Turkiyaning Koʻniya (Konya) shahrida qoʻnim topadi. Saljuq sultonlari tarafidan izzat-ikrom bilan qabul qilingan Balovaddin Valad shu yerda muqim boʻlib qoladi. Bu orada moʻgʻul bosqini boshlanib, Movarounnahr va Xuroson oʻt ichida qoladi, Balxning toʻrt yuz ulamosi qatl qilinadi.
Jaloliddin ota yurtiga qaytib kelmadi va oʻzini anatoliyalik hisoblab, Rumiy degan taxallus oldi.